Orden muborak Ustoz!
2020 yilning 30-sentyabr kuni “Hilton” halqaro kongresslar saroyida “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq institutimiz “Qishloq xo‘jalik mashinalari” kafedrasi professori Shoumarova Muxayo Shoumarovna mamlakatimizning yuksak mukofoti “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Shoumarova Muxayo 1939 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 1961 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutini bitirgan. 1961-1973 yillarda O‘zFA Mexanika institutida aspirant, so‘ngra katta ilmiy xodimi, 1971 yili o‘zbek ayollari ichidan birinchi bo‘lib texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1973 yildan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsenti, professori lavozimida faoliyat yuritib, 56 yil davomida shu kafedrada o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1979 yil unga dotsent ilmiy unvoni berilgan. M.Shoumarovaga 2001 yili TIQXMIIda hizmat ko‘rsatgan dotsent, 2009 yil professor unvoni berilgan.
M.Shoumarova xamkasblari bilan hamkorlikda paxtachilikda, dehqonchilikda, issiqxonalarda, bog‘dorchilikda, asalarichilik va pillachilikda ishlatiladigan qishloq xo‘jaligi mashinalari bo‘yicha oliy ta’lim uchun 250 dan ortiq ilmiy, metodik ishlar, risolalar va 6 ta fan bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar chop ettirgan. 2002 yil Qishloq xo‘jaligi mashinalari fanidan o‘zbek tilida ilk bor tayyorlangan adabiyoti darslik sifatida Respublika tanlovida faxriy 1 o‘rinni olgan. Hammualliflikda kollejlar uchun yozgan “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” darsligi 2005-yil Respublika tanlovida birinchi o‘rinni, oliy ta’lim uchun yozgan darsligi 2009-yil ikkinchi o‘rinni egallagan.
M.Shoumarova ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, o‘quv tarbiyaviy ishlarda xam faol ishtirok etib kelmoqda. Talabalar ongiga vatanparvarlik va o‘z xalqiga muhabbat xissini singdirish, o‘zgarayotgan respublikamiz porloq kelajagiga ishonch tuyg‘ularini singdirishga erishmoqda. M.Shaumarova Oliy ta’lim muassasasida ishlab, o‘zining olloh bergan fazilatlarini, imkoniyatlarini yorqin ochib, yoshlar uchun o‘rnak bo‘ladigan mohir ustoz darajasigacha yetib elga tanilgan olimadir. U bilim va mahoratini talabalar va yosh o‘qituvchilar orasida o‘ta ma’noli, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni, ya’ni o‘zbek xalqi ulug‘ ajdodlari qoldirgan boy meroslarining mohiyatini tushuntirish bo‘yicha har xil tadbirlar olib borgan.
M.Shaumarova bilimdon tadqiqotchi, o‘ziga hamda hamkasblariga nisbatan o‘ta talabchan O‘zbekistonda birinchi mexanizator olima ayoldir. O‘z kasbiy mahoratini oshirish ustida uzluksiz ishlaydigan, kamtarin mehnatsevar inson, yoshlarning g‘amxo‘r murabbiysi, Vatan farovonligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotgan jonkuyar shaxs. M.Shaumarova Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi faxriy yorliqlari, Mustaqilligimizning 10 va 20 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Professor M.Shaumarova Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari va talabalar orasida katta hurmatga sazovor, kamtarin shu bilan birga talabchan ustoz-murabbiydir. Ustozni davlatimizning yuksak mukofoti “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganligini samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik va munosib shogirdlar tayyorlashdagi faoliyatlarida zafarlar tilab qolamiz.
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekani Q.Shavazov