Fakultet tarixi

1920 yilda Turkiston Davlat universitetining sakkizta fakulteti qatorida texnika fakulteti ham faoliyat boshlagan. Universitetning mashinashunoslik bo‘limi 1930 yilda O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi institutining qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetiga aylantirilgan. Fakultet bazasida 1931 yili O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish instituti tuzilgan. 1934 yili 11-noyabrda mazkur institut Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari institutiga (TIQXMMI) aylantirilgan. Uning tarkibida qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetining faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha yilning o‘zida fakultetda 401 ta talaba ta’lim olgan.

Hukumatning 2004 yil 3-sentyabrdagi 415 qaroriga asosan, fakultet Toshkent davlat agrar universiteti tarkibiga o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24-maydagi PQ-3003-sonli qaroriga asosan fakultet 2017 yil 2 sentyabrdan boshlab qayta TIQXMMI tarkibida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Fakultet rivoji va taraqqiyotiga akademik M.V.Sablikov, O‘zFA muxbir a’zosi G.A.Koshevnikov, xizmat ko‘rsatgan fan arboblari V.I.Lazunov, S.P.Po‘latov, professorlar G‘.SH.Zokirov, O.V.Lebedov, O.A.Karimov, M.I.Landsman, E.K.Baturin, A.I.Korsun, M.S.G‘aniev, R.D.Matchanov, SH.U.Yo‘ldoshev, A.X.Haydarov, F.K.Dadaboev va boshqalar katta hissa qo‘shgan. 2000 yilda fakultetga 17 yil davomida institutga rektorlik qilgan, yirik olim va davlat arbobi, professor Salim Po‘latov nomi berilgan.

Fakultetda turli yillarda professorlar M.V.Sablikov, E.K.Baturin, G.A.Koshevnikov, S.P.Po‘latov, M.I.Landsman, N.V.Sablikov, V.V.Bulkin, N.P.Polikutin, V.A.Ivanov, A.X.Haydarov, S.G.Muhammadjonov, V.V.Baydinger, B.F.Nazarov, A.I.Komilov, O.A.G‘anixo‘jaev, O‘.P.Umurzakov, X.N.Ibragimov, A.S.Sirojiddinov, E.T.Farmonovlar dekanlik qilgan. Hozirda fakultet dekani lavozimida Q.A.SHavazov faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 10-dekabrdagi PQ-42-sonli bilan tasdiqlangan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetini tashkil etish qaroriga muvofiq «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakulteti faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda fakultetda «Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari», «Traktorlar va avtomobillar», «Muhandislik tizimlarni boshqarish» va «Umumtexnik fanlar» kafedralari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Fakultet professor-o‘qituvchilari xalqaro aloqalar bo‘yicha AQSH, Germaniya, Angliya, Yaponiya Rossiya, Xitoy, Belorussiya, Qozog‘iston kabi bir qancha chet mamlakatlarning oliy ta’lim muassalari, ilmiy muasssalari shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish bo‘yicha mashxur «John Deere», «Keys», «Lemken», «Rosselmash» kompaniyalari bilan yaqindan xamkorlik o‘rnatgan va fakultetda bu kompaniyalarning maxsus o‘quv xonalari tashkil etilgan.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashda er, suv, yonilg‘i-energetika va moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalangan holda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish va ishlab chiqarishda zamonaviy resurstejamkor mexanizatsiyalashgan texnologiyalar, texnika vositalarini ishlab chiqish, mahalliy ish sharoitidan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashtirish jarayonlari, qishloq xo‘jaligi mashinalari texnologik jarayonlari, agrotexnik tadbirlarning maqbul turini qo‘llash hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishda mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish, mashina-traktor parklari faoliyatini strategik rivojlantirishda zamonaviy bilimlarni qo‘llash, zamonaviy axborot texnologiyalardan boshqaruvda foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlari monitoringi va sifatini baholash usullari va mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha fakultetda “qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish”, “qishloq va suv xo‘jaligida texnik servis”, “qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalarni qo‘llash”, “qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini saqlash va dastlabki qayta ishlash texnologiyasi (maxsulot turlari bo‘yicha)”, “metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti (tarmoqlar bo‘yicha)” va “kasb ta’limi (qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish)” bakalavirat yo‘nalishlari hamda “qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Sрuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishda mashina va jihozlarni yaratish, takomillashtirish va sinash, jihozlarni va materiallarni standartlashtirish bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etish; dehqonchilik, chorvachilik va dastlabki qayta ishlash texnikalarini tadqiq qilishda yangi texnik vositalarni qo‘lla; ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan xamkorlikda energetik vositalar, qishloq xo‘jaligi mashinalaridan foydalanishning zamonaviy usullari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish; mashina traktor agregatlarini boshqarishning zamonaviy usullari bo‘yicha mamlakatdagi va xorijiy davlatlarda qo‘llanilayotgan raqamli texnologiyalar, agregatlarni zamonaviy boshqarish usullarini o‘zlashtirish dasturlarini tahlil qilish va qo‘llash; namunaviy usullar bo‘yicha eksperimental tadqiqotlarni o‘tkazish va ularning natijalarini tahlil qilishda ishtirok etish, tadqiqot natijalari va ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish sog‘alarida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Fakultet bitiruvchilari respublikamiz qishloq xo‘jaligini kompleks mexanizatsiyalashtirishga katta hissa qo‘shgan. Respublika hukumatining a’zolari, qator davlat va jamoat arboblari, konstruktor va olimlar etishib chiqishgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich 1976 – 1981 yillarda fakultetda tahsil olgan.